O‘zbekistonda Haj mavsumi 2-maydan boshlanadi

O‘zbekistonda Haj mavsumi 2-maydan boshlanadi

O‘zbekistonda 2026-yilgi Haj mavsumi 2-maydan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ziyoratchilarni Saudiya Arabistoniga jo‘natish jarayoni 2-maydan 18-mayga qadar davom etadi. Haj safariga yo‘l oluvchilar respublikaning 9 ta hududiy aeroportidan — Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Madinaga parvoz qiladi.
Ziyoratchilarni Madinaga yetkazish FlyAdeal aviakompaniyasi tomonidan, ularni vatanga qaytarish esa Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshiriladi.
Hozirda Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakuniy bosqichda. Xususan:
  • ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, meningitga qarshi emlangan;
  • haj vizalari va zarur hujjatlar rasmiylashtirilgan;
  • guruh rahbarlari biriktirilib, safar oldi mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, har bir ziyoratchiga safar davomida foydalanish uchun maxsus anjomlar to‘plami berilgan. Unda qo‘llanma, sumka, nimcha, termos, soyabon, SIM-karta va quvvatlagich mavjud.
Ayni paytda Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotgan ishchi guruh Mino vodiysi va Arofot vodiysi hududlarida, shuningdek mehmonxonalarda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun zarur sharoitlarni tayyorlash ishlarini olib bormoqda.
O‘zbekistonda Haj mavsumi 2-maydan boshlanadi | 12news