O‘zbekistonda kiberxavfsizlik bo‘yicha javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda

O‘zbekistonda kiberxavfsizlik bo‘yicha javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda

O‘zbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida tegishli ikkita qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Loyihalardan birida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, bu yo‘nalishda vakolatli organ sifatida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat organlari, banklar, to‘lov tashkilotlari va internet-provayderlar zimmasiga qo‘shimcha majburiyatlar yuklanadi. Jumladan, ular axborot xavfsizligini ta’minlash, shubhali moliyaviy operatsiyalarni doimiy monitoring qilish va tezkor ravishda vakolatli organlarga ma’lumot taqdim etishi lozim bo‘ladi.
Loyiha doirasida kiberjinoyatlardan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish tizimini joriy etish, jinoyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan mexanizmlarni kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan. Ayniqsa, “moliyaviy piramida” ko‘rinishidagi firibgarlik sxemalariga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ikkinchi qonun loyihasi esa javobgarlik choralarini kuchaytirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, bank kartalari, elektron va kripto-hamyonlar ma’lumotlarini, shuningdek ularni boshqarish imkonini beruvchi identifikatsiya vositalarini boshqa shaxslarga noqonuniy berganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etiladi.
Bundan tashqari, SIM-kartalar va shaxsiy akkauntlarni boshqa shaxslarga berish yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ham javobgarlik kuchaytiriladi.
Hujjatda muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilash, shuningdek bank va to‘lov tashkilotlari aybi bilan yuzaga kelgan zararlarni qoplash mexanizmini joriy etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, tergov organlariga bank ma’lumotlarini taqdim etish muddatlarini aniq belgilash va ushbu talablarni buzganlik uchun javobgarlikni qat’iylashtirish taklif etilmoqda.
O‘zbekistonda kiberxavfsizlik bo‘yicha javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda | 12news