Oʻzbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilindi

11-fevraldan boshlab barcha hududlardagi AGNKSlar odatdagi ish tartibiga o‘tadi.
Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida, jumladan Fargʻona vodiysida ham avtomobil gaz toʻldirish kompressor stansiyalari bosqichma-bosqich odatdagi ish rejimiga qaytmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
11-fevral kuni soat 9:00 dan boshlab zapravkalar transport vositalariga vaqt bo‘yicha cheklovlarsiz xizmat ko‘rsata boshlaydi.
Avvalroq, 20-yanvar kechasi mamlakatda gaz isteʼmoliga limitlar joriy etilgan edi. Bunga keskin sovuq tushishi va aholi tomonidan energiya resurslariga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshgani sabab bo‘lgan. Natijada Oʻzbekistondagi aksariyat stansiyalar ikki hafta davomida faoliyat yuritmagan.
2-fevraldan boshlab AGNKSlar faoliyati qisman tiklangan, biroq ular mijozlarga kuniga atigi olti soat — soat 10:00 dan 16:00 gacha xizmat ko‘rsatgan. Ob-havo sharoiti yaxshilangani munosabati bilan tegishli idora vaqtinchalik cheklovlarni to‘liq bekor qilishga qaror qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev avvalroq resurslar tanqisligi sababli tadbirkorlarni yangi AGNKSlar qurishdan voz kechishga chaqirgan edi. Uning taʼkidlashicha, davlat qo‘shimcha quvvatlar uchun yoqilg‘i yetkazib berishni kafolatlay olmaydi, chunki amaldagi stansiyalarni taʼminlashda ham qiyinchiliklar mavjud. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanovning so‘zlariga ko‘ra, bunday obyektlarga ruxsat berish o‘tgan yildan buyon amalda to‘xtatilgan.