O‘zbekistonda metan zapravkalari 8-yanvardan cheklangan jadval asosida ishlaydi

8-yanvardan boshlab O‘zbekistondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritadi.
Energetika vazirligi izohiga ko‘ra, mazkur choralar magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi bilan bog‘liq. Mavjud sharoitda aholi turar joylari, jamoat transporti va ijtimoiy obyektlarni uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
Shu sababli metan zapravkalari faoliyati mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan jadval asosida, gaz ta’minotining hozirgi holati, bosim darajasi va iste’mol hajmlaridan kelib chiqib vaqtincha cheklanadi.
Farg‘ona vodiysida — Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida — metan zapravkalarining ish vaqti gaz bosimi holatiga qarab, mahalliy hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Energetika vazirligi ushbu cheklovlar vaqtinchalik ekanini ta’kidlab, hozirda gaz bosimini normallashtirish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 11-dekabr kuni vazirlik mamlakatda gaz bosimi pasayishining oldini olish maqsadida zapravkalar faoliyati vaqtincha cheklanishini e’lon qilgandi. Bunga Turkmaniston gaz uzatish tizimidagi texnik nosozlik sabab import qilinayotgan gaz hajmining kamayishi sabab bo‘lgan. So‘nggi kunlarda AGTKShlar kuniga bir necha soat ishlayotgandi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mazkur avariya oqibatida 6 mln kub metr gaz tanqisligi yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, hozirda yerosti gaz omborlaridan kuniga 42 mln kub metrgacha gaz olinmoqda.
30-dekabrdan boshlab yoqilg‘i quyish shoxobchalari yana 24 soatlik ish rejimiga o‘tgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Rossiya va Turkmanistondan gaz import qiladi. Joriy yilning dastlabki 11 oyida mamlakat 1,5 mlrd dollarlik gaz import qilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 foizga kam. Noyabr oyida import hajmi keskin oshib, 334,3 mln dollarni tashkil etdi — bu o‘tgan yil noyabriga nisbatan 1,8 baravar ko‘p. Shu oyda gaz eksporti 55,9 mln dollarga yetib, yillik hisobda 5,5 foizga oshgan.


