O‘zbekistonda moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibi soddalashtiriladi

2026 yil 1 oktyabrdan boshlab O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun moliyaviy jarimalarni to‘lash tartibi yanada yengillashtiriladi.
Prezident qaroriga muvofiq, bu borada yangi qulayliklar joriy etilmoqda.
Endilikda tadbirkorlar vakolatli organ tomonidan belgilangan jarimani ixtiyoriy ravishda ikki xil usulda to‘lash imkoniga ega bo‘ladi. Birinchi variantga ko‘ra, qaror topshirilgan kundan e’tiboran bir oy ichida jarimaning 50 foizi to‘lansa, qolgan qismi bekor qilinadi. Ikkinchi variant sifatida esa jarima summasini 6 oy davomida teng qismlarga bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, agar moliyaviy jarima sud tomonidan bekor qilinsa yoki asossiz deb topilsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida tadbirkorga qaytariladi. Agar ushbu muddatga amal qilinmasa, kechiktirilgan har bir kun uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan kelib chiqib foiz hisoblanadi.
Mazkur o‘zgarishlar tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek moliyaviy jarimalarni qo‘llash jarayonida adolat va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.