O'zbekistonda noqulay ob-havo sabab bir nechta aviareyslar zaxira aeroportlariga yo‘naltirildi

8 yanvar kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoitlari sabab bir nechta aviareyslar zaxira aeroportlariga yo‘naltirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabargako‘ra, Fly Khiva aviakompaniyasining Madina – Qarshi yo‘nalishidagi 2U7623-reysi, Centrum Air’ning Jidda – Buxoro reysi (C63316), shuningdek, Ural Airlines’ning Moskva – Qarshi yo‘nalishidagi U62457-reysi Samarqand aeroportiga qo‘ndirildi.
Shuningdek, Uzbekistan Airways’ning Qozon – Farg‘ona yo‘nalishidagi HY9652-reysi hamda Asia Union aviakompaniyasining Jidda – Farg‘ona reysi (7Q2242) Toshkent xalqaro aeroportida qabul qilindi.
Avvalroq, Namangan, Farg‘ona va Andijon aeroportlarida davom etayotgan noqulay meteorologik sharoitlar sabab Uzbekistan Airways 7–8 yanvar kunlariga rejalashtirilgan ayrim reyslarni bekor qilgani haqida xabar berilgan edi.
Bundan tashqari, 6 yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroportida quyuq tuman tufayli ko‘rish masofasi 700 metrgacha qisqarib, havo kemalarining uchishi va qo‘nishiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan.


