O‘zbekistonda ombor bozori: talab yuqori, taklif yetishmayapti

O‘zbekistonda ombor bozori: talab yuqori, taklif yetishmayapti

Toshkentda o‘tkazilgan Central Asia Warehouse Summit 2026 doirasida taqdim etilgan tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda sifatli ombor maydonlariga talab keskin oshib bormoqda, biroq taklif hali bu talabni qondira olmayapti.

Mutaxassislarning qayd etishicha, mamlakatda omborlarning atigi 1,5 foizi bo‘sh — bu esa bozor juda “qiziganini” bildiradi. Ya’ni, ijaraga beriladigan zamonaviy (A va B klass) omborlar deyarli to‘liq band.
Shu sababli ijara narxlari ham yuqori shakllanmoqda. Hozirda omborlar uchun ijara stavkalari $12 dan boshlanadi, lekin yakuniy narx shartnoma shartlari, muddati va boshqa omillarga qarab o‘zgaradi.
Tahlilga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ombor bozori o‘sishi uchun eng katta salohiyatga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Bunga aholining ko‘pligi va yoshligi, shuningdek, iste’mol bozorining tez kengayib borayotgani sabab bo‘lmoqda. Ammo mavjud omborlar hajmi hali ham yetarli emas.
Bozor rivojlanishiga asosiy to‘siqlardan biri — yer uchastkalari taqchilligi va ularning yuqori narxi. Bu esa yangi ombor loyihalarini boshlashni qiyinlashtiradi va qurilish jarayonini sekinlashtiradi.
Shu bilan birga, ombor qurilishi ham arzon emas. Mutaxassislar hisobiga ko‘ra, 20 ming kvadrat metrdan katta zamonaviy ombor qurish narxi har kvadrat metr uchun o‘rtacha $667 ni tashkil qiladi (yer narxisiz).
Ombor bozorining asosiy “harakatlantiruvchi kuchi” esa elektron tijorat bo‘lib qolmoqda. Onlayn savdo hajmining o‘sishi nafaqat omborlarga, balki taqsimlash markazlari va tezkor yetkazib berish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni ham oshirmoqda.
O‘zbekistonda ombor bozori: talab yuqori, taklif yetishmayapti | 12news