O'zbekistonda Yangi yilda ketma-ket 4 kun dam olish kuni etib belgilandi

Yangi farmonga ko'ra, o'zbekistonliklar 31-dekabrdan 4-yanvargacha ketma-ket dam oladi.
Prezident tomonidan «2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi farmon imzolandi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yilda ish haftasining turidan qat’i nazar, barcha xodimlar uchun 31-dekabr dam olish kuni etib belgilandi. Shu tariqa, yangi yil munosabati bilan 31-dekabrdan 4-yanvargacha ketma-ket dam olish kuni bo'ladi.
Shuningdek, 2026-yilda quyidagi kunlar qo‘shimcha dam olish kuni hisoblanadi:
Barcha xodimlar uchun (ish haftasidan qat’i nazar):
- 2 yanvar (juma),
- 28 may (payshanba),
- 29 may (juma),
- 31 avgust (dushanba).
Olti kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun:
- 3-yanvar (shanba),
- 30-may (shanba),
- 31-dekabr (payshanba).
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, 2026-yilda ayrim bayram kunlari dam olish kunlariga to‘g‘ri kelgani sababli ularning dam olish kuni boshqa sanalarga ko‘chirildi. Jumladan:
- 8-mart — Xotin-qizlar kuni (yakshanba) munosabati bilan dam olish kuni 9-mart (dushanba)ga;
- 21-mart — Navro‘z bayrami (shanba) munosabati bilan 23-mart (dushanba)ga;
- 9-may — Xotira va qadrlash kuni (shanba) munosabati bilan 11-may (dushanba)ga ko‘chirildi.
Farmonda qayd etilishicha, uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga kundalik xizmat ko‘rsatish yoki navbatchilik asosida ishlaydigan tashkilotlarda bayram kunlarini ko‘chirish tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, besh kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun 2026-yilda dam olish kuni 12-dekabr — shanbadan 31-dekabr — payshanbaga ko‘chirildi.
Bayram va dam olish kunlarining uzaytirilishini inobatga olib, aholining maroqli dam olishini ta’minlash maqsadida qator tashkilotlarga tavsiyalar berildi. Xususan:
- Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligiga turizm obyektlari, muzeylar va mehmonxonalarda chegirmalar va aksiyalar tashkil etish;
- Kasaba uyushmalari federatsiyasiga sanatoriy va sog‘lomlashtirish muassasalarida chegirmalar joriy etish;
- “Uzbekistan Airways” va “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga ichki qatnovlar uchun chegirmalar va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etildi.


