O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 7,2 foizgacha pasaydi

2026 yil yanvar oyida O‘zbekistonda inflyatsiya 0,7 foizni tashkil etdi. Yillik inflyatsiya darajasi esa 7,2 foizgacha pasaydi. Bu ko‘rsatkich 2016 yildan buyon qayd etilgan eng past daraja bo‘ldi.
Yanvar oyida ayrim asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxida o‘sish kuzatildi. Jumladan, qo‘y go‘shti 1,6 foizga, suyaksiz mol go‘shti 1,1 foizga, parranda go‘shti 1,5 foizga, xom sut esa 1 foizga qimmatlashdi.
Shu bilan birga, sug‘urta va moliyaviy xizmatlar narxi 40,8 foizga oshdi. Bunga 1 yanvardan sug‘urta xizmatlari tariflarining keskin oshirilgani sabab bo‘ldi.
Markaziy bankning asosiy maqsadi inflyatsiyani 5 foizgacha tushirishdan iborat. Regulyator prognozlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichga 2027 yil oxiri — 2028 yil boshlarida erishilishi kutilmoqda. 2026 yil yakuniga kelib inflyatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, inflyatsiya bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar endilikda har oyning birinchi sanasida emas, beshinchi sanasida e’lon qilinadi.


