P2P o‘tkazmalari orqali tadbirkorlarga 21,5 mlrd so‘m kelib tushgan

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida ayrim tadbirkorlar faoliyatida yirik moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil boshidan kelib tushgan murojaatlar asosida fiskal chek bermaslik va P2P o‘tkazmalar orqali to‘lov qabul qilish holatlari yuzasidan 481 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Natijada 32 mln so‘mdan ortiq chek bermaslik holatlari qayd etildi.
Tekshiruvlar doirasida tijorat banklariga 411 ta so‘rov yuborilgan. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim tadbirkorlar jismoniy shaxslar bank kartalari orqali jami 21,5 mlrd so‘m mablag‘ qabul qilgani aniqlangan.
Yakunda 464 ta tadbirkorlik subyektiga nisbatan 7 mlrd so‘mdan ortiq moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan.
Tovar yoki xizmatlar uchun fiskal chek bermasdan P2P o‘tkazmalar orqali hisob-kitob qilish soliqdan qochish, tushumlarni yashirish va “yashirin iqtisodiyot”ning kengayishiga sabab bo‘ladi.