Pensiyani onlayn tarzda naqd pulga o‘tkazish imkoniyati yaratildi

Endilikda O‘zbekistonda pensiya to‘lovlarini onlayn tarzda naqd shaklga o‘tkazish mumkin. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Pensiya jamg‘armasi bilan hamkorlikda yangi elektron xizmat ishga tushirilgan. Fuqarolar my.gov.uz portaliga kirib, “Pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish” xizmatini tanlash orqali ariza topshirishlari mumkin.
Ariza berish jarayoni bepul bo‘lib, buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi. Kerakli ma’lumotlar kiritilgach, xizmat avtomatik tarzda ko‘rsatiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil may oyida prezident tomonidan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritilib, pensiyalarni proaktiv shaklda — ya’ni Pensiya jamg‘armasi yoki davlat xizmatlari markaziga murojaat qilmasdan tayinlash tartibi joriy etilgan edi. Ushbu tartibga ko‘ra, erkaklar 60 yoshdan, ayollar esa 55 yoshdan boshlab avtomatik ravishda pensiya to‘lovlarini olish huquqiga ega bo‘ladi.
Pensiya olish huquqi davlat axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlar asosida aniqlanadi va fuqaro pensiya yoshiga yetgan kuni ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, joriy yilning oktyabr oyidan boshlab naqd shakldagi pensiyalar biometrik identifikatsiya (Face-ID) va elektron raqamli imzo orqali berilishi rejalashtirilgan. Pensiya jamg‘armasi mazkur tizim pensiyalarni to‘liq va o‘z vaqtida yetkazib berishni ta’minlashini bildirdi.
Qayd etilishicha, yangi mexanizm orqali Xalq banki tomonidan to‘lovlar “to‘langan” deb rasmiylashtirilib, amalda esa fuqaro pensiyani olmasligi kabi holatlarga barham beriladi.
Bundan tashqari, Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanov sentyabr oyidan boshlab pensiyalarni oldindan hisoblash dasturi ishga tushirilishini ma’lum qilgan. “Mening pensiyam” axborot tizimi 2026-yil bahoridan to‘liq faoliyat boshlashi kutilmoqda.
Mazkur tizim orqali fuqarolar JSHSHIR kiritib, ish haqi, mehnat staji, o‘qish davri va boshqa ma’lumotlarni ko‘rishlari, shuningdek, ushbu ma’lumotlar asosida bo‘lajak pensiya miqdorini hisoblab chiqishlari mumkin bo‘ladi.


