Real tajriba: 7 ming so’mli va 13 ming so’mli arzon va qimmat makaron o‘rtasidagi haqiqiy farq

Bozorda bir xil ko‘rinadigan, lekin narxi ikki baravar farq qiladigan mahsulotlar har kuni ko‘zimizga tashlanadi. Ayniqsa, oziq-ovqat do‘konlarida “qimmat — demak sifatli” degan fikrni ko‘p eshitamiz. Ammo bu har doim ham to‘g‘rimi?
Biz bu savolga javob topish uchun oddiy, lekin qiziqarli sinov o‘tkazdik — arzon va qimmat makaronni solishtirdik.
Nega makaronni tanladik?
Biz 400 grammi 7 ming so’m va xuddi shunchasi 14 ming so’m bo’lgan makaronlarni bir xil vaqt va haroratda pishirib ko’rdik. Ular bir-biridan qanday farq qiladi, qaysi birini nima uchun tanlash kerak? Maqolada sizga shu kichik tajriba natijasi haqida gapirib beramiz.
Bozor yoki marketga borganingizda odatda arzon va qimmatroq makaronlarga ko’zingiz tushadi. Avvalo nega makaron tanlaganimizga to’xtalsak. Odatda unli mahsulotlar O’zbekistonning voz kechilmas masalliqlari qatoriga kiradi.
Shu jumladan, makaron ham kimningdir eng sevimli taomlari sirasiga kirsa, kimdir vaqtdan yutish uchun bu mahsulotni tanlaydi. Shunday ekan, uni sotib olishga borishdan oldin, bu maqolani bir o’qib chiqish foydaldan holi bo’lmaydi.
Oldin va keyin – makaron qanday o’zgardi?
Tajriba uchun biz ham Toshkent shahridagi marketlardan biriga kirib 2 xil makaronni sotib oldik. Ularning bittasining 400 grammi 7 ming so’m, ikkinchisiniki esa xuddi shunchasi 13 ming so’m. Albatta, ularning tarkibi bir-biridan ancha farq qiladi, lekin dastlab faqat qaynatilgandan keyingi holatini ko’rsatishni maqsad qildik.
Birinchi rasmda 6,990 so’mli makaron. Ikkinchisi esa 12,990 so’mli makaron. Dastlab ularni ikkisini ham bir xil hajmda 100 grammdan o’lchab oldik. Keyin har birini 500 gramm qaynab turgan suvga soldik. Va ikkisini ham bir xil haroratda 15 minutdan qaynatishga qo’ydik.
Birinchi makaron 15 minutda pishib iste’mol qilsa bo’ladigan ideal holatga keldi. Ikkinchi makaron esa biroz ko’proq vaqtni talab qildi, sababi u nisbatan qalinroq turdagi makaron. Shuning uchun u to’liq qaynab chiqib, tayyor holga kelishi uchun 20 minut vaqt talab qildi. Lekin birinchi makaron 20 minut qaynagach titilishni boshladi.
- 1-rasm- 6,990 so’mli makaron
- 2-rasm- 12,990 so’mli makaron
Ta’m va tuzilish jihatidan solishtirish
Pishgan makaronlar tatib ko‘rildi:
- Arzon makaron: biroz yopishqoq, ta’mida unning hidi bizor seziladi, sovugandan keyin tez quriydi va qotib qoladi.
- Qimmat makaron: yengilroq, ta’mi tabiiyroq, teksturasi yumshoq, lekin shaklini saqlaydi. Sovugandan keyin ham yoqimli ko‘rinishda qoladi.
Bu bosqichda farq yanada aniq bo‘ldi: narx nafaqat ko‘rinishda, balki tuzilma va ta’mda ham o‘zini ko‘rsatadi.

Ikkalasini yonma-yon qo’yganda farq deyarli sezilmaydi. Chunki arzon va qimmat mahsulotlarning ikkisi ham to’g’ri harorat va vaqtda pishirilsa, dasturxoningzni bezaydigan yoqimli pastaga aylanadi oladi. Lekin e’tibor berish kerak bo’lgan bir jihat bor. Arzon makaronni unutib qoldirsangiz, 15 daqiqadan ortiq qaynatsangiz, u ideal shaklini yo’qotib bir-biriga yopisha boshlaydi. Qimmat makaron esa uzoqroq vaqt qaynasa ham ideal shaklni saqlab qola oladi.

Siz qaysi mahsulotni tanlaysiz?
Xo’sh, endi nega arzon yoki qimmat makaronni tanlashingiz kerakligi haqida ham ikki og’iz to’xtalamiz. Chunki ular tarkibiga ko’ra bir-biridan farq qiladi.
6,990 so’mli mahsulot tarkibi oliy navli un va suvdangina iborat bo’lsa, qimmat makaron qattiq navli bug’doy uni, suv va tuxumdan tayyorlangan. Ko’rib turganingdek, juda katta farqi yo’q. Lekin mazasida biroz farqni sezasiz, ikkinchi turdagi makaron birinchisidan biroz mazaliroq va chaynaganda qattiqroq tuyiladi.

Xulosa: narx doim ham sifatni oqlamaydi
Ko‘pchilik mahsulotlarda narxning oshishi bilan sifat ham oshadi, lekin bu doimiy qoida emas. Ba’zi hollarda arzon mahsulot ham yaxshi natija berishi mumkin.
Shuning uchun tanlovda eng muhim narsa — o‘zingizning ehtiyojingizni bilish.
Agar tez tayyor bo‘ladigan taom kerak bo‘lsa, arzon variantni tanlang.
Agar siz sifat, tuzilish va uzoq saqlanishni afzal ko‘rsangiz, biroz ko‘proq to‘lash mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.
Shunisi muhimki, taomning sifati nafaqat narxda, balki tayyorlashga bo‘lgan yondashuvda ham namoyon bo‘ladi.
Sizga yoqadi





