Restoran va mehmonxonalarda alkogol uchun naqd to‘lovga ruxsat beriladimi?

O‘zbekistonda restoran va mehmonxonalarda alkogol mahsulotlarini naqd pulga sotish bo‘yicha cheklovlar yumshatilishi mumkin. Bu haqda yaqinda o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Tadbirkorlar 1-apreldan boshlab joriy etilgan tartib amaliyotda qator muammolarni keltirib chiqarganinibildirgan. Xususan, xorijiy sayyohlar bilan ishlashda qiyinchiliklar yuzaga kelgani ta’kidlangan. Amaldagi tartibga ko‘ra, restoran va mehmonxonalarda alkogol mahsulotlari uchun to‘lov faqat bank kartalari orqali amalga oshirilishi, oziq-ovqat uchun esa naqd puldan foydalanish mumkin edi.
Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov ushbu holatni tizimdagi kamchilik sifatida baholab, muammo ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida ushbu tartib qayta ko‘rib chiqilib, qulay yechim taklif etiladi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda alkogol mahsulotlari savdosiga oid amaldagi cheklovlarni yumshatish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan va tegishli idoralarga kiritilgan. Yangi tartib qabul qilinsa, restoran va mehmonxonalarda alkogol mahsulotlari uchun ham naqd, ham naqd pulsiz to‘lov qilish imkoniyati yaratiladi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning qayd etishicha, amaldagi cheklovlar sabab xorijiy sayyohlar alkogol xarid qilish uchun bank kartasi ochishga majbur bo‘layotgan edi. Taklif etilayotgan o‘zgarishlar esa bu kabi noqulayliklarni bartaraf etishga qaratilgan.