Rossiyada yuzdan ortiq o‘zbekistonlik ishchilarga jami 127 ming dollar ish haqi undirib berildi

Rossiyada 100 nafardan ortiq o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga to‘lanmagan ish haqlarining bir qismi undirib berildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, o‘zbekistonlik ishchilar 4 oy davomida maoshsiz hamda oziq-ovqat ta’minotisiz qolgan. Umumiy qarzdorlik qariyb 24 mln rublni (taxminan 324 ming dollar) tashkil etgan.
Ishchilar murojaatidan so‘ng agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi vaziyatga aralashib, advokatlar jalb qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan diplomatik kanallar orqali tegishli organlarga murojaatlar yuborilgan.
Holat yuzasidan Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan Rossiya Jinoyat kodeksining 145.1-moddasi (ish haqi va boshqa to‘lovlarni to‘lamaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida 105 nafar fuqaroga 9,4 mln rubl (taxminan 127 ming dollar) miqdoridagi ish haqi undirib berildi. Qolgan qarzdorlik — qariyb 23,9 mln rubl — 15-mayga qadar to‘lab berilishi kutilmoqda.
Shuningdek, ishchilarning oziq-ovqat ta’minoti tiklangan. Noqonuniy holatga tushib qolgan ayrim fuqarolar O‘zbekistonga qaytarilib, ularga moddiy yordam ajratish ishlari boshlangan.
Mazkur jarayonlar O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari hamda Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.