Silk Avia 1-fevraldan mahalliy reyslar uchun chipta narxlarini oshiradi

Silk Avia aviakompaniyasi 1-fevraldan boshlab O‘zbekiston ichki yo‘nalishlari bo‘yicha aviachiptalar uchun yangilangan tariflar kuchga kirishini ma’lum qildi. Narxlar 14 ta mahalliy yo‘nalishda oshiriladi.
Aviakompaniya ma’lumotigako‘ra, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha chipta narxlarining o‘rtacha oshishi 7,37 foizni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkich 2025-yil uchun prognoz qilinayotgan inflyatsiya darajasiga mos keladi.
Eng yuqori narx o‘sishi Toshkent — Buxoro yo‘nalishida qayd etilib, 7,62 foizni tashkil etdi. Eng kam o‘sish esa Toshkent — Zomin hamda Nukus — Mo‘ynoq yo‘nalishlarida kuzatildi — 6,99 foiz.

Yangi tariflarga ko‘ra, masalan, Toshkent — Samarqand yo‘nalishida chipta narxi 291 ming so‘mdan 313 089 so‘mga, Toshkent — Urganch yo‘nalishida esa 437 ming so‘mdan 469 635 so‘mga oshadi. Barcha narxlar bir tomonga hisoblangan.
Silk Avia yo‘lovchilarga safarlarini rejalashtirishda ushbu o‘zgarishlarni inobatga olishni tavsiya qilmoqda. Aviachiptalarni aviakompaniyaning rasmiy sayti, mamlakat aeroportlari kassalari hamda Uzbekistan Airways Sales filiallari orqali xarid qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Silk Avia 2025-yil may oyida asosiy mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha tariflar pasaytirilganini e’lon qilgan edi. Aviakompaniya 2023-yil aprel oyida parvozlarni boshlagan bo‘lib, 2023-yil oktabrda prezident qaroriga asosan brendi saqlangan holda Uzbekistan Airways tarkibiga o‘tkazilgan.
Shuningdek, avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ham 1-fevraldan ichki yo‘lovchi poyezdlari, jumladan, “Afrosiyob” elektropoyezdlari uchun chipta narxlari 15 foizga oshirilishini ma’lum qilgan edi.


