Soliq qo‘mitasi umumiy ovqatlanish korxonalarini biznesni sun’iy bo‘lishdan ogohlantirdi

21-aprel kuni umumiy ovqatlanish va gastronomiya sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov tadbirkorlarni biznesni sun’iy ravishda bo‘lib yuritmaslikka chaqirdi. U bunday holatlar aniqlansa, katta miqdorda jarimalar qo‘llanilishini ma’lum qildi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 419 ta umumiy ovqatlanish korxonasida soliqdan qochish bilan bog‘liq holatlar kuzatilgan. Xususan, ayrim tadbirkorlar o‘z nomiga yoki xodimlari nomiga yakka tartibdagi tadbirkorlik (YTT) ochib, kassa cheklarini aynan shu YTT nomidan rasmiylashtirmoqda. Bu orqali ular haqiqiy tushumlarni yashirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lamaslikka urinayotgani qayd etildi.
Farrux Pulatovning ta’kidlashicha, soliq organlari bunday amaliyotlardan xabardor va ularni muntazam kuzatib bormoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkor o‘z korxonasi o‘rniga boshqa subyekt nomidan chek berishi biznesni bo‘lish va daromadni yashirish sifatida baholanadi.
Shu bilan birga, soliq organlariga dastlab tadbirkorlarni ogohlantirish, keyinchalik esa qonunbuzarlik davom etsa, jarima choralarini qo‘llash topshirilgan. “Agar ogohlantirishlarga qaramay bu holatlar davom etsa, jarimalar katta bo‘ladi”, — dedi qo‘mita raisi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ushbu yo‘nalishda profilaktik ishlarni kuchaytirish maqsadida muammoli korxonalar ro‘yxatini taqdim etishni so‘radi. Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev bunday ro‘yxat shakllantirilishini ma’lum qildi.
Muloqot davomida ayrim tadbirkorlar faoliyatida ishchilarga past rasmiy ish haqi ko‘rsatish holatlari ham borligi qayd etildi. Bu esa soliq va ijtimoiy to‘lovlardan qochish bilan bog‘liq xavflarni oshirishi mumkinligi ta’kidlandi.