Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshiriladi

Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshiriladi

O‘zbekistonda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Hujjatga ko‘ra, daromadlarni yashirish yoki ularni hisobotda kamaytirib ko‘rsatganlik uchun jarimalar sezilarli darajada oshiriladi. Endilikda fuqarolar uchun jarima BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha, mansabdor shaxslar uchun esa 25 baravaridan 30 baravarigacha etib belgilanmoqda. Agar huquqbuzarlik ko‘p miqdorda sodir etilsa, jarimalar yanada keskin oshib, fuqarolar uchun 50 baravargacha, mansabdorlar uchun esa 100 baravargacha yetadi.
Shuningdek, daromadlar deklaratsiyasini topshirmaslik yoki unda ataylab noto‘g‘ri ma’lumot kiritganlik uchun ham jarimalar kuchaytirilmoqda — ular 5 baravardan 10 baravargacha BHM miqdorida belgilanadi.
Yangi tartiblarga ko‘ra, soliqdan bo‘yin tovlaganlik bilan bog‘liq jinoyat ishlarini Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ko‘rib chiqadi. Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar esa bunday huquqbuzarliklar uchun nafaqat jarima, balki ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazolarini ham nazarda tutadi.
Masalan, takroran yoki ancha miqdorda sodir etilgan holatlarda 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin. Juda katta miqdorda zarar yetkazilgan hollarda esa jazolar 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha kuchaytiriladi.
Shu bilan birga, qonunda tadbirkorlar uchun muhim yengillik ham saqlanib qolmoqda. Agar huquqbuzar birinchi marta jinoyat sodir etgan bo‘lsa va tergov yakuniga qadar barcha soliqlar, penya hamda jarimalarni to‘liq qoplasa, u jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin. Bunda zararni qoplash muddati ham kengaytirilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman devoniga jamoat himoyachilarini tayinlash vakolati berilmoqda.
Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshiriladi | 12news