SQB Tashkent City’dagi qavatni 4,6 mlrd so‘mga ijaraga berdi

“Sanoat qurilish banki” (SQB) Toshkent shahridagi Tashkent City hududida joylashgan binosining bir qavatini 4,6 mlrd so‘mga ijaraga berdi.
Ijara muddati 1 yilni tashkil etadi. Gap binoning 24-qavatida joylashgan, umumiy maydoni qariyb 1 500 kvadrat metr bo‘lgan maydon haqida ketmoqda.
Mazkur lot bo‘yicha o‘tkazilgan auksionda mehmonxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun faqat bitta taklif berilgan. Uni Hotel MGMT kompaniyasi taqdim etgan.
Mazkur bitim Tashkent City hududida ijara narxlari qanchalik yuqori shakllanganini ko‘rsatadi. Bu yerda nafaqat yashash uchun mo‘ljallangan xonadonlar, balki biznes obyektlari uchun ijara stavkalari ham bozordagi o‘rtacha narxlardan sezilarli darajada yuqori.
Tashkent City hududida uchta davlat bankining binosi yonma-yon joylashgan. Bular — “Asakabank”, “Aloqabank” va “Sanoat qurilish banki”.
Mazkur bank binolarini sotish bir necha yildan beri rejalashtirilgan, biroq hozirga qadar ular uchun xaridor topilmagan.