Superliga klublariga 35 mlrd so‘mdan ajratilishi mumkin

2026 yilgi futbol mavsumidan boshlab O‘zbekiston Superliga klublari markazlashgan tartibda moliyalashtirilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va Sport vazirligi tomonidan professional futbol klublarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyiha ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 2026 yilda Superliga ishtirokchi klublarining har biriga davlat tomonidan bir xil miqdorda — 35 mlrd so‘mdan yillik mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, hujjatda xususiy kompaniyalar va homiylar uchun futbol klublarini qo‘llab-quvvatlashda qo‘shimcha imtiyozlar berilishi ham nazarda tutilgan. Biroq hozircha ushbu tizimning aniq mexanizmlari va qaror qachon rasman qabul qilinishi ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, yil boshida bir qator yirik davlat kompaniyalari futbol klublariga homiylikni to‘xtatgan edi. Xususan, “O‘zbekneftgaz” “Bunyodkor”, “Nasaf” va “Buxoro” klublarini moliyalashtirishdan voz kechdi. Natijada ayrim jamoalarda moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqaldi.
Markazlashgan moliyalashtirish amaliyoti jahon futbolida ham uchraydi. Masalan, Saudiya Arabistoni professional ligasida klublar boshqaruvi va moliyaviy tizimi qisman markazlashgan holda yo‘lga qo‘yilgan. 2023 yilda amalga oshirilgan islohotlar doirasida davlat investitsiya jamg‘armasi bir nechta yetakchi klublarda nazorat ulushini qo‘lga kiritgan edi.