Toshkent metrosida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash tizimi joriy etildi

Toshkent metrosida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash tizimi ishga tushirildi.
Toshkent metropolitenida yo‘l haqini to‘lashning yangi tizimi joriy etildi — endi yo‘lovchilar kaft yordamida to‘lov qilishlari mumkin. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmatima’lum qildi.
Hozircha ushbu texnologiya 29 ta bekatda ishlamoqda: u yerda infokiosklar va kaft orqali to‘lovni qo‘llab-quvvatlovchi 71 ta turniket o‘rnatilgan. Har kuni ushbu funksiyadan taxminan 200–250 ming nafar yo‘lovchi foydalanmoqda. Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 5 daqiqadan ko‘p vaqt olmaydi.
Yana 21 ta bekatda bu imkoniyat hozircha mavjud emas — ularni tizimga 2026 yilda ulash rejalashtirilgan.
To‘lov MyID PalmPay xizmati orqali amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun ID-karta yoki pasport talab etiladi. Tizim 16 yoshdan katta fuqarolar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, faqat o‘zingiz uchun to‘lov qilish imkonini beradi. Agar siz hamroh bilan yursangiz, u uchun alohida to‘lov amalga oshirilishi kerak.


