Toshkent va Andijon aeroportlarida bir nechta reyslar kechiktirildi

29 dekabr kuni noqulay ob-havo sharoiti sabab Toshkent va Andijon aeroportlarida qator aviaqatnovlar kechiktirildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, HY095/096 reyslari belgilangan vaqtda uchmagan. Bu reyslar Toshkent–Andijon–Toshkent yo‘nalishida parvoz qilishi rejalashtirilgan edi. Bu haqda Anhor.uz nashriyozmoqda.
Shuningdek, HY287/288 reyslarida ham kechikishlar kuzatilgan. Gap Andijon–Istanbul–Andijon yo‘nalishidagi parvozlar haqida bormoqda.
Jurnalistning ma’lum qilishicha, ayrim reyslarning uchish vaqti olti martagacha ko‘chirilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, navbatdagi reys 14:30 ga belgilangan. Ayrim yo‘lovchilar esa aeroportda ertalab soat 6:00 dan buyon kutyapti.
Ma’lumot uchun, shunga o‘xshash holat bir kun avval Silk Avia aviakompaniyasida ham kuzatilgan. Toshkent–Farg‘ona yo‘nalishidagi UH 401 reysi 14:40 da uchishi kerak bo‘lgan, biroq bir necha soat davomida kechiktirilgan.
Bundan avval Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Centrum Air aviakompaniyasiga oid holatlar yuzasidan dastlabki o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu aviakompaniyaga tegishli samolyotlardan biri Turkiya aeroportlaridan birida 9 soat davomida uchmay qolgani haqida murojaatlar tarqalgan.


