Toshkent va Jizzaxda ichimlik suvi tariflari oshirilishi mumkin

2025-yil may oyida elektr energiyasi narxlari oshirilgani fonida Toshkent shahri va Jizzax viloyatida ichimlik suvi tariflarini qayta ko‘rib chiqish masalasi ko‘tarildi.
Qayd etilishicha, yangi tariflar hali tasdiqlanmagani sababli “O‘zsuvta’minot” tizimidagi korxonalar 128 milliard so‘m miqdorida zarar ko‘rgan. Amaldagi tariflar suv yetkazib berish bilan bog‘liq real xarajatlarni qoplay olmayapti.
Toshkentda suv ta’minoti xarajatlarining asosiy qismini xodimlar ish haqi (30 foiz) va nasoslar uchun sarflanadigan elektr energiyasi (19 foiz) tashkil etadi. Shuningdek, 15 foiz mablag‘ uskunalar amortizatsiyasiga, 9 foizi esa tizimni modernizatsiya qilish uchun olingan xalqaro kreditlarni to‘lashga yo‘naltirilmoqda. Qolgan xarajatlar soliqlar, quvurlarni ta’mirlash hamda suvni tozalash uchun zarur reagentlarga sarflanadi.
Bundan tashqari, gidroelektrostansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham kamaygan. Energetika vaziri Jurabek Mirzamaxmudovning ma’lum qilishicha, suv oqimining o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga qisqarishi GESlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.


