Toshkentda pulli avtoturargohlarda rezidentlar uchun ruxsatnomalar joriy etiladi

2026 yil 1 fevraldan Toshkent shahrida pulli yo‘lbo‘yi avtoturargohlariga yaqin hududlarda yashovchi fuqarolar uchun rezident avtoturargoh ruxsatnomalari amaliyoti joriy etiladi.
Bu tartib shahar markazidagi to‘xtab turish joylaridan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, rezident avtoturargoh ruxsatnomasi “Elektron hukumat” tizimidagi maxsus reyestrga kiritiladigan elektron yozuv bo‘lib, u belgilangan pulli avtoturargohlarda avtomobilni joylashtirish huquqini beradi. Rezidentlar safiga pulli avtoturargohlar joylashgan hududlarda yoki ularga tutash mahallalarda yashovchi, mazkur manzilda mulk huquqiga ega yoki mulk ulushiga ega bo‘lgan transport vositasi foydalanuvchilari kiritiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ruxsatnomada ko‘rsatilgan avtomobilni soat 20:00 dan 08:00 gacha bepul to‘xtab turish mumkin bo‘ladi. Qolgan vaqtlarda esa amaldagi tariflar asosida imtiyozli shartlarda to‘lov undiriladi.
Qayd etilishicha, rezident ruxsatnomasi 1 yil muddatga beriladi. Yillik rezident to‘lovi 1 BHM miqdorida belgilangan bo‘lib, hozirda bu 412 ming so‘mni tashkil etadi. Har bir turarjoy manzili uchun ko‘pi bilan ikki dona ruxsatnoma rasmiylashtirishga ruxsat etiladi.
Rezident ruxsatnomasini olish uchun arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish rejalashtirilgan.
Yangi tartib 2026 yil 1 fevraldan kuchga kiradi.


