Toshkentda uy-joy ijarasi va narxlari oshmoqda

Yanvar oyida Toshkentda uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi 9% ga oshdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, ijara narxlarining eng yuqori ko‘rsatkichlari Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida qayd etildi. Ushbu tumanlarda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi $11 atrofida.

Yanvar oyida O‘zbekiston bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 28,6 mingta bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 12% ga oshdi. Shu bilan birga, ko‘chmas mulk bozorining uchdan biri Toshkentga to‘g‘ri kelib, shahar bo‘yicha savdolar hajmi 33,4% ga o‘sdi. Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida ham uy-joy bozorida o‘sish sezilarli bo‘ldi — mos ravishda 26% va 24%.
Toshkentda ikkilamchi va birlamchi uy-joy narxlari
Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kvadrat metr narxi o‘rtacha $1120 ni tashkil etdi va oy davomida 0,6% ga oshdi. Yillik o‘sish esa qariyb 2% ni tashkil etdi. Ikkillamchi bozor narxlarining eng katta o‘sishi Yakkasaroy (5,7%) va Mirabad (4,3%) tumanlarida

kuzatildi.
Shuningdek, birlamchi uy-joy bozorida narxlar nisbatan yuqori sur’atda oshmoqda. Yangi qurilgan uylarning 1 kvadrat metri uchun narxlar yillik hisobda 9% dan ko‘proqqa ko‘tarildi. Eng katta o‘sish Mirobod (18,4%) va Mirzo Ulug‘bek (17,3%) tumanlarida qayd etildi.
Ijara bozori va o‘sish sur’atlari
Poytaxtda ijara bozorida o‘sish sur’atlari ham jadallashmoqda. Olmazor, Yunusobod, Yashnobod, Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida yillik o‘rtacha o‘sish qariyb 13% ni tashkil etdi. Shu bilan birga, Toshkent bo‘yicha ijara narxining o‘rtacha qiymati 1 kvadrat metr uchun $8,8 ni tashkil etdi.
Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar
Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kvadrat metr narxi oy davomida 0,9% ga oshdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar 8% ga ko‘tarildi.