Toshkentda xalqaro moliya markazi tashkil etiladi

Toshkentda xalqaro moliya markazi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzuridagi taqdimotda Toshkentda alohida huquqiy rejimga ega xalqaro moliya markazini tashkil etish rejalari ma’lum qilindi.

Markaz rezidentlari uchun kapitalning erkin harakati, valyuta operatsiyalari, imtiyozli soliq rejimi va soddalashtirilgan viza tartibi joriy etiladi. Ushbu markaz yangi turdagi investitsiyalarni jalb qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishning samarali vositasi sifatida ko‘zda tutilgan.
Prezident ta’kidicha, jahondagi geosiyosiy keskinlashuv sharoitida investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha raqobat kuchayib bormoqda. Mamlakatning tabiiy resurslari, iqtisodiy salohiyati va islohotlari esa bu borada katta ustunlik beradi.
“Ko‘plab xalqaro kompaniyalar mintaqaviy xavf-xatarlarni baholab, yangi bozorlarni o‘rganmoqda. Bu biz uchun tarixiy imkoniyat. Shu vaziyatda fursatni boy bermasdan, xalqaro moliya kompaniyalarini o‘zimizga tezroq jalb qilishimiz shart”, – dedi prezident.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilga qadar markaz iqtisodiyotga qo‘shimcha $20–25 mlrd investitsiya jalb qilishi, YIM o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1% hissa qo‘shishi, 15 ming yuqori malakali ish o‘rni yaratishi va 10 ming mutaxassis malakasini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Markaz uchun maxsus huquqiy rejim joriy etiladi: Angliya va Uels umumiy huquqi markaz to‘g‘risidagi qonunga zid bo‘lmagan darajada tatbiq qilinadi. Boshqaruv organlari o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi, nizolarni ko‘rib chiqish uchun esa Toshkent xalqaro tijorat sudi va xalqaro arbitraj markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari: moliya-investitsiya va bank faoliyati, sug‘urta, raqamli aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov tizimlari va moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar.
Toshkentda xalqaro moliya markazi tashkil etiladi | 12news