Toshkentning dizayn-kod loyihasi tayyorlandi. U qanday bo'ladi?

Toshkentning dizayn-kod loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
25 dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi komissiyasi yig‘ilishida poytaxt uchun ishlab chiqilgan yangi dizayn-kod loyihasi ko‘rib chiqilib, ma’qullangan. Loyiha Citymakers International hamda “Toshkent Invest” kompaniyasi hamkorligida tayyorlangan.
Dizayn-kod loyihasi va unga ilova qilingan hujjatlar regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan.
Poytaxt hokimligi izohiga ko‘ra, dizayn-kod Toshkent shahrini yanada qulay, xavfsiz va estetik jihatdan jozibador qilishga qaratilgan yagona qoidalar majmuasini o‘z ichiga oladi.
Loyiha doirasida quyidagi asosiy yo‘nalishlar tartibga solinadi:
- binolar arxitekturasi — fasadlar, vitrinalar va kirish qismlarini bezash, materiallar, rang va faktura yechimlari;
- peshlavhalar va reklama — ularning o‘lchami, shriftlari, yoritilishi va joylashtirish talablari;
- obodonlashtirish — trotuarlar, yoritgichlar, o‘rindiqlar, axlat qutilari va ko‘kalamzorlashtirish elementlari;
- ko‘cha infratuzilmasi — yo‘l ko‘rsatkichlari, to‘siqlar, jamoat transporti bekatlari va kichik me’moriy shakllar;
- tarixiy muhitni muhofaza qilish — yodgorliklar va tarixiy hududlarning me’moriy qiyofasini saqlash choralari.
Qayd etilishicha, hujjat nafaqat vizual tartibga solish masalalarini, balki yondosh hududlardan oqilona va tartibli foydalanishni ham qamrab oladi. Shuningdek, ijtimoiy va shahar ahamiyatini inobatga olgan holda alohida rejimda faoliyat yuritadigan sayyohlik ko‘chalari ro‘yxati belgilanadi.
Toshkent shahar hokimligi dizayn-kod joriy etilishi natijasida tadbirkorlik faolligi oshishi, biznes va aholi daromadlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi, shuningdek, shahar muhitining qulayligi va xavfsizligi yanada yaxshilanishini kutmoqda.
Loyiha bo‘yicha fikr va takliflar 2026-yil 10-yanvargacha normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portali orqali qabul qilinadi.


