Toshkent–Vena o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Toshkent shahridan Avstriyaning Vena shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Avstriya Federal iqtisodiyot, energetika va turizm vazirligining tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha direktori Elizabet Vaysenbek bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Uchrashuv davomida transport sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, avtomobil ko‘priklarini qurish, temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Toshkent va Vena shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar transport va logistika sohasidagi hamkorlik yuqori salohiyatga ega ekanini ta’kidlab, uni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida muloqotni davom ettirish hamda kelishilgan yo‘nalishlar bo‘yicha aniq tashabbuslarni ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Avvalroq, O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish rejalari ma’lum qilingan edi. Jumladan, 2023-yilda mehnat muhojirlarini tayyorlash markazini ochish, 2025-yilda esa mehnat migratsiyasi bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzolash ko‘zda tutilgani xabar qilingandi. Shuningdek, Toshkentda Avstriya savdo-sanoat palatasining vakolatxonasi ochilishi rejalashtirilgan.


