Tuman sabab Toshkent va boshqa shaharlarga yo‘nalgan 26 ta reys zaxira aerodromlarga qo‘ndirildi

8 yanvardan 9 yanvarga o‘tar kechasi O‘zbekiston hududida kuzatilgan qalin tuman sabab Toshkent va boshqa shaharlarga yo‘nalgan 26 ta aviareys zaxira aerodromlarga yo‘naltirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Uzbekistan Airways, Centrum Air, Qanot Sharq hamda bir qator xorijiy aviakompaniyalar reyslari Toshkent, Termiz, Namangan va Farg‘ona aeroportlaridagi noqulay meteorologik sharoitlar tufayli belgilangan manzillarga qo‘na olmagan.
Gidrometeorologiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 8 yanvar oqshomida mamlakatning 14 hududidan 11 tasida tuman kuzatilgan. Ayrim shaharlarda, jumladan Toshkent, Buxoro, Qarshi, Termiz, Namangan va Andijonda ko‘rish masofasi 50–100 metrgacha qisqargan.
Toshkentda tuman 9 yanvar kuni ertalab tarqalgan va aeroport faoliyati odatiy rejimda tiklangan. Biroq Farg‘ona vodiysi hududlarida kun davomida tuman saqlanib qolishi mumkinligi aytilmoqda. Sinoptiklar haydovchilarni ehtiyot choralariga rioya qilishga chaqirdi.
Shuningdek, Silk Avia aviakompaniyasi 9 yanvarga belgilangan Toshkent — Termiz — Toshkent reysini kunning ikkinchi yarmiga ko‘chirdi. Avvalroq kompaniya ob-havo sabab poytaxtdan Farg‘ona, Namangan, Andijon va Zamin yo‘nalishidagi bir nechta reyslarni bekor qilgandi.


