UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Traverse avtomobilini sotuvga chiqaradi. Narx qanday bo'ladi?

UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Traverse modelini taqdim etdi.
Avtomobil 2,5 litrli, 328 ot kuchiga ega turbomotor, kuchaytirilgan osma tizimi, oshirilgan klirens va to‘liq uzatma tizimi bilanjihozlangan. Bu yo‘ltanlamas turli yo‘l sharoitlarida barqaror boshqaruv va kuchli tortish imkonini beradi. Shuningdek, avtomobil yangilangan radiator panjarasi, himoya elementlari, qizil tortish ilgaklari, emblemalar va 18 dyuymli g‘ildirak disklariga ega.
Salon esa 17,7 dyuymli markaziy displey, 11 dyuymli raqamli qurilmalar paneli va kengaytirilgan Chevy Safety Assist xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan. Tavsiya etilgan chakana narx 795 mln so‘m. Sotuvlarning boshlanish sanasi qo‘shimcha e’lon qilinadi.
Shuningdek, kompaniya Chevrolet Cobalt modifikatsiyalarini ham ommaviy ishlab chiqarishni boshladi. Yangi versiyalarda kruiz-nazorat tizimi, old o‘rindiqlar isitgichi, Android Auto/Apple CarPlay qo‘llab-quvvatlovchi sensor multimedia va 50 dan ortiq yangi komponentlar mavjud. Cobalt Style MCM narxi 156,1 mln so‘m, Cobalt Midnight MCM esa 165,2 mln so‘mni tashkil etadi. Sotuvlar 3-noyabrdan boshlanadi.
Bundan tashqari, UzAuto Motors Xorazm Avto korxonasida Damas Move va Damas Max modellari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Yangi model joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.


