Xonandalar daromadi bahs uyg‘otdi: kim qancha topgan?

Soliq qo‘mitasi konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xonandalar tomonidan topshirilgan yillik deklaratsiyalar yuzasidan ma’lumotlarni e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda daromad olgan va tegishli litsenziyaga ega 728 nafar xonanda soliq deklaratsiyasini topshirgan. Ular jami 4,69 mlrd so‘m daromad ko‘rsatgan bo‘lib, shundan 3,72 mlrd so‘mi soliqqa tortilgan. Natijada 437,1 mln so‘m daromad solig‘i hisoblangan.
Reyting guruhlari bo‘yicha eng katta ulush uchinchi guruh hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu toifadagi 643 nafar xonanda 3,01 mlrd so‘m daromad ko‘rsatib, ular uchun 277 mln so‘m soliq hisoblangan.
Birinchi guruhdagi 28 nafar xonanda 1,09 mlrd so‘m, ikkinchi guruhdagi 57 nafar xonanda esa 585,4 mln so‘m daromad deklaratsiya qilgan.
E’tiborlisi, taqdim etilgan deklaratsiyalarga ko‘ra, 228 nafar xonanda yillik daromadini 1 mln so‘mdan kam deb ko‘rsatgan. Yana 396 nafar xonanda 10 mln so‘mgacha daromad olganini bildirgan.
Shuningdek:
- 71 ta deklaratsiyada daromad 20 mln so‘mgacha,
- 16 tasida 40 mln so‘mgacha,
- 11 tasida 60 mln so‘mgacha qayd etilgan.
Eng yuqori daromad esa 6 ta deklaratsiyada kuzatilib, ularda yillik tushum 152 mln so‘mgacha yetgani ma’lum bo‘ldi.
Hisoblangan daromad solig‘ini to‘lash muddati 2026-yil 1-iyungacha etib belgilangan.