Yangi trend: BYD avtomobillari savdosi keskin oshdi

BYD O‘zbekistonda avtomobil bozorida sotuvlar bo‘yicha Kia brendini ortda qoldirdi. Bu haqda 2026 yilning yanvar–mart oylari yakuniga ko‘ra e’lon qilingan ma’lumotlarda qayd etildi.
Hisobotga ko‘ra, ushbu davrda mahalliy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar jami 91 088 dona avtomobil sotgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 735 donaga yoki 21 foizga ko‘p.
O‘sishga katta hissa Chevrolet avtomobili sotuvlarining 9 969 donaga oshgani bilan bog‘liq. Biroq brendning bozordagi ulushi 82,5 foizdan 79,3 foizgacha kamaygan.
Sotuvlar hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan BYD kompaniyasi fevral oyidayoq Kia’ni ortda qoldirgan edi. Brend avtomobillari sotuvi o‘tgan yilga nisbatan 3 754 donaga yoki 93 foizga oshgan.
Modellar kesimida yetakchilikni Chevrolet Cobalt saqlab qolmoqda, ammo uning sotuvlari 17 foizga kamaygan. Keyingi o‘rinlarda Chevrolet Damas, Chevrolet Tracker, Chevrolet Onix va Chevrolet Labo joylashgan.
BYD sotuvlarining keskin o‘sishiga BYD Yuan Up modeli katta hissa qo‘shdi — uning sotuvi 5,2 barobarga oshib, 2 099 donaga yetgan.
Kia brendida esa asosiy sotuvlar Kia Sonet modeli hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.