Yanvarda aholi sezgan inflyatsiya 11,7 foizgacha pasaydi

Yanvarda aholi sezgan inflyatsiya 11,7 foizgacha pasaydi

Yillik hisobda esa sezilgan inflyatsiya 3 foiz banddan ortiqqa kamaygan.

Yanvar oyida O‘zbekistonda aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi 11,7 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich dekabr oyiga nisbatan 0,3 foiz bandga past. Yillik hisobda esa sezilgan inflyatsiya 3 foiz banddan ortiqqa kamaygan.
Ma’lumotlar O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan har oy o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijalariga asoslanadi.
Hududlar kesimida
Eng yuqori narx o‘sishi Toshkent shahrida qayd etildi — 14 foiz. Keyingi o‘rinlarda Buxoro (13 foiz) va Samarqand (12,7 foiz) viloyatlari turibdi. Eng past ko‘rsatkichlar esa Xorazm va Navoiy viloyatlarida kuzatildi — 9,7 foiz.
Kasblar bo‘yicha farq
Sezilgan inflyatsiyaning eng yuqori darajasi davlat tashkilotlari xodimlari (14,4 foiz) hamda ishlab chiqarish sohasi vakillari (13,5 foiz) tomonidan qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa qishloq xo‘jaligi (9,6 foiz), kafe-restoran (9,5 foiz) va savdo xizmatlari (9,4 foiz) sohalarida ishlovchilar orasida kuzatilgan.
Daromadga qarab baholash
Daromadi 4 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan aholida sezilgan inflyatsiya o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori shakllangan. Ayniqsa, daromadi 30 mln so‘mdan oshadigan respondentlar inflyatsiyani juda yuqori — 22 foiz darajasida baholagan.
Qaysi mahsulotlar arzonlashdi?
Yanvar oyida respondentlarning aksariyati ko‘plab tovar va xizmatlar narxi pasayganini bildirgan. Eng ko‘p arzonlashgan mahsulot va xizmatlar:
  • meva-sabzavotlar
  • kiyim-kechak va poyabzal
  • kafe-restoran xizmatlari
Shuningdek, tuxum, shakar va qandolat mahsulotlari hamda o‘simlik yog‘i narxlarida pasayish kuzatilgan.
Go‘sht va sut mahsulotlari narxi oshganini bildirganlar ulushi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan bo‘lsa-da, u hali ham yuqori — 48 foizni tashkil etadi.
Yanvarda benzin va yoqilg‘i, shuningdek yo‘lkira va tashish xizmatlari narxi oshganini qayd etganlar soni esa biroz ko‘paygan.
Yanvarda aholi sezgan inflyatsiya 11,7 foizgacha pasaydi | 12news