Yo‘l harakati bilan bog‘liq ayrim qoidabuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish joriy etildi

Yo’l harakati xavfsizligi sohasidagi kam ahamiyatli qoidabuzarliklar uchun endilikda jarima o‘rniga ma’muriy ogohlantirish berilishi mumkin.
2026-yil 4-fevralda qabul qilingan qonun (O‘RQ–1116-son) bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi kam ahamiyatli qoidabuzarliklar uchun endilikda jarima o‘rniga ma’muriy ogohlantirish berilishi mumkin.
Ma’muriy ogohlantirish — bu huquqbuzarga qonunga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida rasmiy tanbeh berish bo‘lib, u yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
Ogohlantirish quyidagi holatlarda qo‘llanadi:
- shaxs qilgan ishidan chin dildan pushaymon bo‘lsa;
- uning harakatlarida boshqa huquqbuzarlik alomatlari bo‘lmasa;
- vakolatli organ tomonidan maqsadga muvofiq deb topilsa.
Muhim jihati shundaki, ma’muriy ogohlantirish bir shaxsga bir yil davomida faqat bir marta berilishi mumkin.
Shuningdek, qonun bilan kamera va maxsus qurilmalar orqali avtomatik qayd etiladigan qoidabuzarliklarning aniq ro‘yxati belgilandi. Ular quyidagilar:
- xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik;
- transport vositasini boshqarish vaqtida telefondan foydalanish;
- belgilangan tezlikni soatiga 20 km dan oshirmagan holda buzish;
- to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish.
Bundan tashqari, jazoni qo‘llash muddati ham aniq belgilandi. Agar qoidabuzarlik foto yoki video vositalar orqali qayd etilgan bo‘lsa, ma’muriy jazo bir oy ichida qo‘llanishi lozim. Qaror ustidan shikoyat berilgan taqdirda esa, jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qo‘llanishi mumkin.


