YouTube’da Shorts videolarini o‘chirib qo‘yish funksiyasi paydo bo‘ldi

YouTube platformasi foydalanuvchilar uchun Shorts videolarini to‘liq cheklash imkonini beruvchi yangi funksiyani taqdim etdi. Bu haqda The Verge nashri xabar bermoqda.
Yangi imkoniyat orqali foydalanuvchilar qisqa videolarni tomosha qilish vaqtini nolga teng qilib belgilashi mumkin. Natijada Shorts videolari nafaqat alohida bo‘limda, balki YouTube’ning bosh sahifasida ham ko‘rsatilmaydi.
Avvalroq, 2026-yil yanvar oyidan boshlab Shorts tomosha qilish uchun minimal kunlik cheklov 15 daqiqa etib belgilangan edi. Ushbu sozlama asosan ota-onalar tomonidan farzandlar akkauntlarida qo‘llanilgan.
Endilikda esa Shorts’ni to‘liq o‘chirib qo‘yish funksiyasi barcha foydalanuvchilar, jumladan kattalar akkauntlari uchun ham ochiq bo‘ldi.
Mazkur cheklovni yoqish uchun YouTube ilovasidagi sozlamalarga kirib, “Vaqtni boshqarish” bo‘limidan “Kunlik cheklovlar” va “Shorts uchun cheklovlar” bandlarini tanlash lozim.
Cheklov o‘rnatilgandan so‘ng, foydalanuvchi Shorts lentasiga kirganda videolar o‘rniga “Siz qisqa videolar lentasi chegarasiga yetdingiz” degan xabarnoma paydo bo‘ladi.
Ushbu yangilik ayniqsa vaqtini samarali boshqarishni istagan foydalanuvchilar uchun foydali bo‘lishi kutilmoqda.